O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

12 Iyun 2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Abay viloyati hududida ro‘y bergan o‘rmon yong‘ini oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Prezident Qasim-Jomart Toqayev va qardosh Qozog‘iston xalqiga chuqur hamdardlik va dalda so‘zlarini izhor etdi. Tabiiy ofatga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishda O‘zbekiston barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Prezidentlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar.

Savdo, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Related