O‘zbekiston Prezidenti Eron Oliy diniy rahbari oyatulloh Sayid Ali Xomaneiy bilan uchrashdi

18 Iyun 2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif doirasida Eron Islom Respublikasi Oliy diniy rahbari oyatulloh Sayid Ali Xomaneiy bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari Eron zaminida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Do‘stona suhbatda tomonlar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib, O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish borasida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Ko‘p asrlar davomida xalqlarimizni madaniy-tarixiy mushtaraklik bog‘lab turgani alohida qayd etildi.

O‘zaro muloqotlar faollashib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, istiqbolli qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Savdo, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport va kommunikatsiyalar, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinayotgani ta’kidlandi.

Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv samimiy va ishonchli muhitda, konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi.

Related