Mamlakatimizda 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozongani munosabati bilan uning nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan qutlovlar kelmoqda. Tabriknomalarda davlatimiz rahbariga baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan chin dildan qutlayman.
Saylovdagi ishonchli g‘alabangiz yuksak siyosiy obro‘yingizni tasdiqladi, mamlakatni yanada jadal sur’atda rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlaringiz xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatdi.
Sizning Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi qat’iy intilishingizni yuksak qadrlaymiz. Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil kengayib boraveradi hamda mintaqaviy va xalqaro masalalarda o‘zaro muvofiqlashuv ta’minlanadi. Bu, hech shubhasiz, Rossiya va O‘zbekiston xalqlarining orzu-umidlariga mosdir.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi g‘oyat mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qozongan navbatdagi g‘alabangiz munosabati bilan Sizni Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
Ushbu prezidentlik saylovi natijalari Siz hamda amalga oshirayotgan ichki va tashqi siyosatingiz O‘zbekiston xalqi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatdi. Dono rahbarligingiz ostida milliy taraqqiyot va tiklanish dasturi, hech shubhasiz, ulkan muvaffaqiyatlarga olib kelishiga ishonaman.
Keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi, ikki tomonlama hamkorlik barcha sohalarda mustahkamlanib bormoqda. O‘rtamizda qaror topgan namunali amaliy munosabatlar va yaqin do‘stlikni yuksak qadrlayman. Siz bilan Xitoy-O‘zbekiston har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishga yangi sur’at bag‘ishlashga tayyorman.
Sizga mustahkam sog‘lik va boshlagan barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Do‘st O‘zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.