O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev muzokaralar yakunida ommaviy axborot vositalari uchun bayonot berdilar.
Prezidentimiz uch mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida strategik sheriklikni rivojlantirish borasidagi qat’iy siyosiy irodani yaqqol namoyon etgan uchrashuvning samarali yakunlarini yuksak baholadi.
Muzokaralarda tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, jumladan, Turkmanboshi va Boku portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, zamonaviy logistika infratuzilmasini birgalikda shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Milliy transport tizimlari integratsiyasini chuqurlashtirish maqsadida mintaqadagi mavjud va istiqbolli yo‘nalishlarni o‘zaro bog‘lash rejalari atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston bu borada o‘zaro muvofiqlashgan siyosat yuritish tarafdori ekani ta’kidlandi.
Bu, birinchi navbatda, xalqaro bozorlarga chiqishda biznes uchun qulay sharoitlar yaratish va tarif siyosati masalalaridir.
Kaspiy dengizi orqali logistika infratuzilmasi va parom tashuvlarini rivojlantirish loyihalari ustida birgalikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, uch mamlakat o‘rtasida energetika sohasida – uglevodorod konlarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarilgan elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish vazifalari muzokaralar kun tartibidan markaziy o‘rin egalladi.
Milliy ishlab chiqaruvchilarning sifatli mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni rag‘batlantirish choralari ko‘rilishi hamda uch mamlakat hududlarining salohiyatini jalb etgan holda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.
Yetakchilar suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, turizm va madaniy almashinuvlar sohasida qo‘shma dastur qabul qilinadi.
Qabul qilingan qaror va hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar vazirlar tomonidan «yo‘l xaritasi» asosida amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida ushbu tarixiy uchrashuv uch mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga, barqaror savdo, transport va energetika yo‘laklarini yaratishga, shuningdek, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.