Xushmanzara oromgohda bilimlar mustahkamlanadi

15 Sen 2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, “Renessans” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ta’lim va yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buning uchun ko‘plab o‘quv muassasalari qurilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Yoshlarga umumiy ta’lim bilan birga iqtidoriga qarab ixtisoslashtirilgan bilimlar ham berilmoqda. Jumladan, 14 ta Prezident maktabi, 201 ta ixtisoslashgan, 2 ta sport va 9 ta ijod maktabi tashkil etildi. Ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta maktabda ham joriy etildi.

Buning mantiqiy davomi sifatida bilimli o‘quvchilarni saralab, xalqaro darajada tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili Fan olimpiadalari markazi, bu yil xalqaro maktab tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, yoshlarimizni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning uchun milliy dastur qabul qilindi. Joriy yil dastlab 1,5 ming nafar o‘quvchi saralab olindi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktirildi.

Mazkur “Renessans” oromgohi ushbu tizimning bir qismi. Bu yerda yoshlar yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Oromgoh 500 ga yaqin o‘quvchini qabul qilish quvvatiga ega. Ma’muriyat, o‘quv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, oshxona hamda avtoturargohlar tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik sanaladi.

Yozda o‘tkazilgan seminarlarda fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari ishtirok etdi. Bu teng imkoniyatlardan foydalangan o‘g‘il-qizlar bilimini oshirib, kelajagiga mustahkam zamin yaratdi.

Sir emas, ilgari oromgohlarga dam olish va ko‘ngilochar maskan sifatida qaralgan. Endi bunday qarash mutlaqo o‘zgardi. “Renessans” o‘quvchilarning ta’lim, ma’naviyat va innovatsiya maydoniga aylandi.

Prezidentimiz oromgoh xonalaridagi sharoitlarni, yoshlarning ixtirolarini ko‘zdan kechirdi.

STEAM xonalari, samolyot boshqaruvi simulyatori, tabiiy fanlar laboratoriyalari bolalarning qiziqishlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantiradi. Ular kutubxonada bilimini, sport maydonchalarida salomatligini mustahkamlaydi. San’at burchagida san’at, adabiyot yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar qo‘llab-quvvatlanadi. Xushmanzara tabiat, do‘stona muhit yoshlarning kayfiyati, intilishini oshiradi.

Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston universiteti rahbariyati va bitiruvchilari bilan ham muloqot qildi.

– O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, g‘ayrat-shijoati, intilishi kuchli. Biz davlat bo‘lib, millat bo‘lib, sifatli ta’limni ta’minlasak, farzandlarimizga hech kim bas kelolmaydi, ular hamma sohada yetakchi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda Al-Xorazmiy universiteti kampusi loyihasi taqdimot qilindi. Bu tashabbus zamirida ham yoshlarning bilimli bo‘lishi, iqtidori rivojlanishi uchun sharoit yaratish maqsad qilingan. Loyihani samarali amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Related