Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan tumanida barpo etilgan “Taraqqiyot” sanoat va servis zonasidagi loyihalar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida joylarda texnopark va kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Namangan viloyatida bugungi kunda 1,5 ming gektar maydonda 73 ta sanoat zonasi bor.
Buning natijalari Yangi Namangan tumanidagi Sohil mahallasida ham yaqqol namoyon. Ilgari tadbirkor va hunarmandlar o‘z uylarida cheklangan sharoitda ishlagan bo‘lsa, endilikda zamonaviy infratuzilmaga ega yaxlit majmuada faoliyat yuritmoqda.
“G‘ijduvon tajribasi” asosida 10 gektar maydonda tashkil etilgan ushbu zonada 113 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning barqaror ishlashi uchun byudjet hisobidan elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, ichki yo‘llar kabi zarur infratuzilma barpo etilgan.
Natijada yiliga 500 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvati vujudga keldi, 4 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yondosh mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb etilgani, 350 dan ziyod xonadonda kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani aholining iqtisodiy faolligini yanada oshirmoqda.
Yana bir muhim tomoni, bu yerdagi tayyor uskuna va amaliyotdan foydalanib, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga qayta o‘qitish imkoniyati bor. Bu ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirib, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi servis markazlari ishini ko‘zdan kechirdi, ustalar bilan suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda yangi-yangi avtomobil zavodlari ishga tushirilyapti. Odamlarning daromadi oshib, mashinalar ko‘payyapti. Lekin servis bo‘yicha hali imkoniyat ko‘p. Masalan, chet el avtomobillariga xizmat ko‘rsatish yetarli darajada emas. Buni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligi va xizmat sifatini ta’minlash mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, bunday servis markazlarini boshqa tumanlarda ham tashkil etish, malakali ustalarni tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident sanoat zonasida ishlab chiqarilayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Mahalliy sanoatni rivojlantirib, tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tajriba orttirib, ish topishiga ko‘maklashish vazifalari qo‘yildi.
Bunday majmualarda insonni qadrlash bo‘yicha ham zamonaviy yondashuvlar bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Yong‘in xavfsizligi va texnik xavfsizlikni ta’minlash, mehnat bilan birga xodimlarning dam olishi uchun ham qulayliklar yaratish muhimligi aytildi.
Shu yerda Namangan viloyatida shaharsozlik va uy-joy qurilishi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu ishlar aholi uchun zamonaviy yashash sharoitlarini ta’minlash va hududlarni kompleks rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.