O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning YUNЕSKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqi

30 Okt 2025

Hurmatli Rais Janobi Oliylari!

Hurmatli Azule Xonim Oliyalari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sizlarni asrlar davomida madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan betakror O‘zbekiston diyorida samimiy qutlashdan behad baxtiyorman.

Konferensiyamiz so‘nggi 40 yil ichida ilk bor YUNЕSKO Bosh qarorgohidan tashqarida – ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand zaminida bo‘lib o‘tmoqda. Bu bizga albatta katta iftixor bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, anjumanimizda ishtirok etayotgan Serbiya Prezidenti, hurmatli Aleksandr Vuchich Janobi Oliylariga, Slovakiya Prezidenti, hurmatli Peter Pellegrini Janobi Oliylariga, YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule Xonim Oliyalariga, barcha ishtirokchi davlatlar delegatsiyalariga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotganini Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi, deb qabul qilamiz.

Shonli sakson yillik yubileyini nishonlayotgan YUNЕSKO o‘tgan davr mobaynida ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, axborot sohasida global hamkorlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik borasida jahondagi nufuzli institut sifatida o‘zini namoyon etib kelmoqda.

Tashkilotimizning dunyo xalqlarining milliy o‘zligini saqlash, madaniy merosini asrab-avaylash, turli dinlar o‘rtasida yaqin muloqotni kuchaytirishdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor.

Bu qadimiy kent azaldan bashariyatning buyuk kashfiyotlari beshigi, ilm-fan, adabiyot va madaniyat gullab-yashnagan maskan bo‘lgan. Birgina misol. Ulug‘ hukmdor va alloma Mirzo Ulug‘bek barpo etgan rasadxona gumbazlari ostida noyob yulduzlar jadvali yaratilgan. Bu jadval keyinchalik Kopernik va Kepler kabi mashhur olimlarning ilmiy kashfiyotlari ochilishiga xizmat qilgani tarixdan yaxshi ma’lum.

Uch ming yillik shonli o‘tmishga ega, Buyuk ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan, millat va elatlarning tinchlik va do‘stlik makoni – muazzam Samarqandga xush kelibsizlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda gumanitar sohada global konsensus va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarining zaiflashayotgani, albatta, barchamizda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolar ta’sirida sayyoramizdagi noyob yodgorliklar, muqaddas qadamjolar va bebaho madaniy meros katta ziyon ko‘rmoqda.

Davlatlar o‘rtasida bilim va texnologiyalar, raqamli resurslardan foydalanish bo‘yicha tafovut ortib bormoqda. Buning natijasida imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik kuchaymoqda. Bunday murakkab vaziyat YUNЕSKOning asosiy vazifalarini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni har qachongidan ham ko‘proq birlashtirishni taqozo etmoqda.

Biz YUNЕSKOning olijanob va ezgu maqsadlariga qat’iy sodiq ekanimizni yana bir bor ta’kidlaymiz. O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni bo‘lishga hamisha tayyor.

O‘zbekiston YUNЕSKOning teng huquqli a’zosi sifatida so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun izchil harakat qilmoqda. Jumladan, 2027-yilgacha bo‘lgan besh yillik hamkorlik dasturi samarali amalga oshirilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz – Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzodning yubileylari, Xorazm Ma’mun akademiyasi singari ilmiy dargohlar, “Alpomish” eposi kabi adabiy yodgorliklarning tarixiy sanalari xalqaro miqyosda keng nishonlandi.

Butunjahon merosi ro‘yxatiga kirgan Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shaharlari qatoriga Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi bo‘ylab joylashgan bebaho obidalar ham qo‘shildi. Bu ro‘yxatdan joy olgan G‘arbiy Tyanshan va Turon cho‘llarining tabiiy hududlari ham mintaqamizning noyob biologik xilma-xilligini yaqqol namoyon etadi.

Bundan tashqari, “Shashmaqom”, Katta ashula, “Lazgi” raqsi, askiya, kulolchilik va naqqoshlik san’atlari, Navro‘z ayyomi, atlas va adras ishlab chiqarish an’anasi kabi yigirmaga yaqin nomoddiy meros namunalarini dunyo xalqlari munosib e’tirof etmoqda.

YUNЕSKO shafeligida “Sharq taronalari”, “Maqom san’ati”, Baxshichilik, Hunarmandchilik, Etnosport festivallari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, (2021-yil), “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” (2023-yil) kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.

Respublikamizda YUNЕSKOning 8 ta kafedrasi, 24 ta hamkor maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkent va Farg‘ona YUNЕSKOning ta’lim shaharlari Global tarmog‘idan joy oldi. Shuningdek, yuzlab madaniy meros obyektlari ilg‘or texnologiya va xalqaro standartlar asosida restavratsiya qilindi.

Hurmatli do‘stlar!

Samarqanddagi Bosh konferensiya doirasida yurtimizda qator qo‘shimcha tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, ko‘hna Buxoroda ilk marta zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tmoqda, poytaxtimizda YUNЕSKO shafeligida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi ochiladi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotining sovrindorlarini taqdirlaymiz, muzeylar faoliyatida sun’iy intellektning o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman tashkil etilmoqda, oliy ta’lim sohasidagi kvalifikatsiyalarni tan olishga oid Global konvensiyaga ham qo‘shilamiz.

Tashabbuslarimizni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, xalqaro tadbirlarimizda faol ishtirok etib kelayotgani uchun barcha a’zo davlatlarga alohida tashakkur izhor etaman.

Aziz mehmonlar!

YUNЕSKOning global maqsadlariga erishish va ko‘p qirrali hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha qator takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda.

Jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qat’i nazar, har bir bolaga ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlarni yaratib berish juda muhimdir. Bu borada YUNЕSKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Ta’lim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish bo‘yicha rejamizni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonamiz.

Axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan va kreativ fikrlaydigan yangi avlodni tarbiyalash ustuvor vazifamizdir. Sun’iy intellektni ta’lim tizimiga keng joriy etish maqsadida yurtimizda YUNЕSKO ishtirokida “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirishga tayyormiz.

Shuningdek, YUNЕSKO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, insoniyatning bebaho xazinasi bo‘lgan jahon nomoddiy madaniy merosini saqlab qolish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishimiz zarur.

Bunday noyob meros obyektlari bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlarni saqlash, ularning barcha uchun ochiqligini ta’minlash maqsadida yaratilgan YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Dunyo ma’naviy xazinasini jamlagan ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19-noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni”, deb e’lon qilishni, shuningdek, YUNЕSKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etishni taklif qilamiz.

Ma’lumki, qadimiy Buxoro hunarmandchilik bo‘yicha YUNЕSKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining a’zosi hisoblanadi. Biz ushbu shaharda 2027-yili mazkur yo‘nalishda xalqaro kongressni qabul qilishga tayyormiz.

Uchinchidan, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash uchun global dasturlarni faol ishga tushirish, ayniqsa, muhimdir.

YUNЕSKO statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda ilmiy va madaniy muassasalar rahbarlarining 25 foizi, ta’lim sohasi boshqaruvchilarining 30 foizi, tadqiqotchilarning 33 foizi xotin-qizlardir. Bu esa ayollar huquqlarini ta’minlashda, afsuski, tengsizlik hamon saqlanib qolayotganini tasdiqlaydi.

Vaholanki, gender tengligi YUNЕSKOning fundamental, ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, Tashkilotning barcha tashabbuslari unga integratsiya qilinishi zarurligi belgilab qo‘yilgan. Bu borada a’zo davlatlarning eng ilg‘or tajriba va amaliyotini o‘rganish, bilimlar almashish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNЕSKO akademiyasini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Shuningdek, Samarqandda barcha qit’alarning mashhur tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

To‘rtinchidan, iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masaladir.

O‘rtacha haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, cho‘llanish, tuproq qatlamlari yemirilishi, urbanizatsiya jarayonlari madaniy meros obyektlarining holatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “YUNЕSKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari suramiz. Bundan tashqari, YUNЕSKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyormiz.

Beshinchidan, virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish jiddiy zaruratga aylanmoqda.

Raqamli transformatsiya muhitida dunyoqarashi shakllanayotgan yosh avlodning eng yaxshi ijodiy ishlari, multimedia g‘oyalarini o‘zaro almashish uchun Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusini bildiramiz.

Ma’lumotlarni tahliliy idrok etish, yoshlarni manipulyatsiyadan himoya qilish, axborot shaffofligini ta’minlash maqsadida YUNЕSKOning Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Yana bir masala. Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim.

Islom madaniyati va ma’rifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqiramiz.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi anjuman hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash, barqaror rivojlanish bo‘yicha global hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish borasida ulkan amaliy qadam bo‘lishiga aminman.

Hech shubhasiz, YUNЕSKOning boqiy an’ana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” bizni umumiy taraqqiyot sari yanada birlashishga undaydi.

Bu ezgu yo‘lda barchangizga yangi omad va zafarlar, YUNЕSKO sessiyasi ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

Related