Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladi

19 Okt 2026

Samarqand shahrida “C5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Qozogʻiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Prezident Administratsiyalari, parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalar yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, sanoat, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, qurilish va ekologiya sohalarida muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar yoʻlga qoʻyilgan.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda kelgusi yilga moʻljallangan tadbirlar rejasini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Related