Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “C5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.
Hamkorlik barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo va yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Energetika, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirdi.
Madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham muhokama qildilar.