Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Wabtec” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda temir yoʻl infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni ularning uzoq muddatli servisi bilan birga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekistonda texnik xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqildi.
Togʻ-kon korxonalarining karyer texnikasi uchun servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari boʻyicha hamkorlik qilish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
“Wabtec” kompaniyasi – lokomotivlar, temir yoʻl texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish boʻyicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.