Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Bu maskan Fargʻona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, bu yerda qiymati 635 milliard soʻmlik zamonaviy turizm majmuasi shakllantirilmoqda. Hududda yoʻl infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
508 gektar maydonni egallagan majmua agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlarini birlashtirgan. Bu yerda 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gullar bogʻi, lavandazor, ekobozor, sokin hududlar va restoranlar tashkil etilgan.
Prezidentimiz hududda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bunday loyihalar aholi farovonligi, hudud iqtisodiyoti va mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish oʻrinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Loyiha doirasida yuzdan ortiq tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish, 3 milliard soʻmlik budjet tushumi hamda 5 million dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlash koʻzda tutilgan. Majmua 2027-yildan toʻliq quvvatda ishga tushiriladi.
Kelgusida bu yerda motokross maydonlari, 2 kilometrli dor yoʻli, karting va golf maydonlari tashkil etiladi. Bu imkoniyatlar “Karkidon” majmuasini faol turizm yoʻnalishidagi flagman maskanlardan biriga aylantiradi.
Mutasaddilarga turizm va xizmat koʻrsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, eng muhimi, aholi manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmualari faoliyati bilan ham tanishdi. Shu yerning oʻzida sayyohlik sohasida istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.
Jumladan, Taxtakoʻpir tumanida Qoratereng koʻli, Xonobod tumanida sunʼiy koʻl, Xatirchi tumanida “Koʻksaroy” suv ombori, Pop tumanida Arashan koʻli, Nurobod tumanida “Sobirsoy” va Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Kattaqoʻrgʻon” suv omborlari atrofida ham yirik turizm majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.
Bu kabi loyihalar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, hududlarda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi.
