G20 va O‘zbekiston: yangi iqtisodiy voqelikda investitsiyalar, sanoat va savdo

30 Iyul 2026

Bugungi kunda O‘zbekiston ichki islohotlari jahon iqtisodiy jarayonlari bilan tobora chambarchas bog‘lanib borayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mamlakat oldiga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, sanoatni texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, yirik hajmdagi investitsiyalarni jalb etish, eksportni kengaytirish hamda xalqaro qo‘shilgan qiymat zanjirlariga integratsiyalashuv kabi ulkan maqsadlar qo‘yilgan.

Shu bois G20 doirasida muhokama qilinayotgan masalalar O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyat kasb etadi. «Katta yigirmalik» kun tartibidagi barqaror rivojlanish, industrializatsiya, energetik transformatsiya, savdo, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi, kapitalga kirish imkoniyatlari va moliyaviy institutlarni modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlar mamlakat oldida turgan vazifalar bilan ko‘p jihatdan uyg‘un. Farq faqat ko‘lamidadir: G20 jahon iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlarini belgilasa, O‘zbekiston mazmunan yaqin ustuvor yo‘nalishlarni aniq milliy rivojlanish dasturiga tatbiq etmoqda.

G20 dunyoning eng yirik rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodiyotlarini, shuningdek, Yevropa Ittifoqi hamda Afrika Ittifoqini birlashtiradi. «Katta yigirmalik» mamlakatlari hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 85 foizi, xalqaro savdoning 75 foizdan ortig‘i hamda sayyoramiz aholisining qariyb uchdan ikki qismi to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston uchun bu kapital qiymati, talab tarkibi, investitsiya yo‘nalishlari, sanoat standartlari, savdo qoidalari va barqaror o‘sishga oid yondashuvlar shakllanadigan muhim maydondir.

Investitsiyalar: ishonch va uzoq muddatli kapitalga tayanish

Jahon investitsiya bozori tubdan o‘zgarib bormoqda. Kapital tobora tanlovchan bo‘lib, investorlar endilikda nafaqat bozor hajmi yoki resurs salohiyatini, balki institutlar sifati, tartibga solish tizimining barqarorligi va prognoz qilinishi, biznes huquqlarining himoyasi, infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlari hamda aniq va tushunarli huquqiy muhitni ham baholamoqda.

O‘zbekiston uchun ushbu jarayon ayniqsa dolzarbdir. So‘nggi yillarda investitsiyalarni jalb etish davlat iqtisodiy siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sganini, 43 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilganini hamda 2026-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard AQSH dollaridan oshishi kutilayotganini ta’kidladi.

Mazkur ko‘rsatkichlar nafaqat yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini, balki xalqaro biznes bilan hamkorlikning yangi modelini shakllantirish jarayonini ham aks ettiradi. O‘zbekiston uzoq muddatli kapital, sanoat kooperatsiyasi va kompaniyalarning mintaqaviy kengayishi uchun ishonchli platforma sifatidagi mavqeini tobora mustahkamlab bormoqda.

Bu jarayonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi. Uning huquqiy modeli maxsus tartibni, ingliz umumiy huquqining ayrim elementlarini, mustaqil tijorat sudini, kapitalning erkin harakatlanishini, istalgan valyutada operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini, shuningdek, fintex, raqamli aktivlar va yashil moliyalashtirishni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Bunday tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro biznes uchun jozibadorligini yanada oshirmoqda. Ular kapital himoyasi, shaffof qoidalar, zamonaviy moliyaviy vositalar va institutsional ishonch mamlakat investitsiya muhitining ajralmas qismiga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari, xalqaro taraqqiyot banklari, eksport-kredit agentliklari, suveren jamg‘armalar va xususiy sektor o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning ahamiyati ortib bormoqda. O‘zbekiston uchun transport va raqamli infratuzilma, energetika tarmoqlari, energiyani saqlash tizimlari, suvni tejash texnologiyalari, agrotexnologiyalar hamda strategik ahamiyatga ega minerallarni qayta ishlash sohalaridagi aniq loyihalarni tayyorlash va moliyalashtirishga xizmat qiladigan samarali mexanizmlarni rivojlantirish muhim hisoblanadi.

Bunday yondashuv G20 ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi: investitsiyalar nafaqat alohida loyihalarni amalga oshirishni, balki barqaror iqtisodiy o‘sish infratuzilmasini shakllantirishni ham ta’minlashi lozim. O‘zbekiston esa o‘z navbatida hamkorlarga puxta tayyorlangan loyihalar portfeli va ularni amalga oshirish uchun uzoq muddatli hamkorlik sharoitlarini taklif etishga tayyor.

 

Sanoat: murakkab iqtisodiyot sari o‘tish

G20 kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri yangi avlod sanoatini rivojlantirishdir. Bu nafaqat ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, balki texnologik modernizatsiya, barqaror ta’minot zanjirlari, mahalliylashtirish, chuqur qayta ishlash, innovatsiyalarni joriy etish hamda yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratishni ham nazarda tutadi.

O‘zbekiston uchun bunday yondashuv alohida ahamiyatga ega. Mamlakat xomashyo va an’anaviy ishlab chiqarish ustunliklariga tayanadigan iqtisodiy modeldan qayta ishlash, texnologiyalar, sanoat kooperatsiyasi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksporti ustuvor bo‘lgan iqtisodiyotga izchil o‘tmoqda.

Yaqin yillarda O‘zbekiston sanoatda yaratilayotgan qo‘shilgan qiymat hajmini 36,5 milliard AQSH dollaridan kamida 60 milliard AQSH dollariga yetkazish, yuqori va o‘rta yuqori texnologiyali tarmoqlarda mahsulot ishlab chiqarishni esa 2,5 baravarga oshirishni maqsad qilgan. 2026-yilda umumiy qiymati 52 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bu zamonaviy sanoat siyosati tamoyillariga to‘liq mos keladi. Ishlab chiqarish nafaqat mahsulot ishlab chiqarish vositasi, balki texnologik barqarorlik, bandlik, eksport salohiyati, energiya samaradorligi, logistika hamda xalqaro ishlab chiqarish kooperatsiyasida ishtirok etishning asosi sifatida qaralmoqda.

O‘zbekiston uchun metallurgiya, kimyo sanoati, elektrotexnika, mashinasozlik, avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, agroqayta ishlash va raqamli infratuzilma kabi yo‘nalishlarda keng imkoniyatlar ochilmoqda. Ushbu tarmoqlarning har birida mamlakat nafaqat ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, balki chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, mahsulot sifatini yaxshilash va yangi bozorlarga chiqish orqali ham taraqqiyotga erishishi mumkin.

 

Alohida e’tibor strategik ahamiyatga ega minerallarga qaratilmoqda. Dunyoning yetakchi iqtisodiyotlari uchun ular energetik transformatsiya, raqamlashtirish, akkumulyator texnologiyalari, sanoatni modernizatsiya qilish va ishonchli ta’minot zanjirlari bilan chambarchas bog‘liq. Boy mineral-xomashyo bazasi va rivojlanayotgan metallurgiya sanoatiga ega O‘zbekiston uchun ushbu resurs ustunligi yangi sanoat klasterlari va xalqaro hamkorlar bilan ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, hamkorlik oddiy xomashyo eksporti emas, balki mintaqa ichida to‘liq qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilishi muhimdir. Bu chuqur qayta ishlashni, texnologiyalar transferini, mutaxassislar tayyorlashni, muhandislik salohiyatini rivojlantirishni va yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratishni anglatadi. Bunday yondashuv O‘zbekistonga sanoat mustaqilligini mustahkamlash va ayni paytda yirik xalqaro bozorlar uchun yanada muhim hamkorga aylanish imkonini beradi.

 

Savdo: raqobatbardoshlikning muhim omili sifatida o‘zaro bog‘liqlik

Savdo sohasida G20 bilan bog‘liqlik ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi. «Katta yigirmalik» mamlakatlari allaqachon O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida muhim o‘rin egallaydi.

2026-yilning yanvar–may oylarida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard AQSH dollariga yetdi. Asosiy hamkorlar qatoridan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Fransiya, Koreya Respublikasi va Germaniya o‘rin olgan. Ushbu davlatlarning aksariyati G20 tarkibiga kiradi yoki uning iqtisodiy tizimi bilan chambarchas bog‘langan.

Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlarida qabul qilinayotgan qarorlar O‘zbekiston tashqi savdosi sharoitlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Texnik standartlar, sifat talablari, tovarlarning kelib chiqish qoidalari, tarif siyosati, logistika yo‘nalishlari, ekologik me’yorlar va raqamli tartib-taomillar o‘zbekistonlik eksportyorlarning kundalik faoliyatining ajralmas qismiga aylanmoqda.

Dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakat uchun transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik alohida strategik ahamiyatga ega. Bugungi sharoitda eksportning raqobatbardoshligi nafaqat mahsulot sifati, balki yetkazib berishning tezligi, qiymati va barqarorligiga ham bog‘liq. Shu sababli Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi Sharq–G‘arb va Shimol–Janub transport yo‘laklarini rivojlantirish savdo, transport va sanoat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan.

Bu borada tranzit tartib-taomillarini raqamlashtirish, elektron transport hujjatlari va sertifikatlarini o‘zaro tan olish, chegara punktlari faoliyatini muvofiqlashtirish, asossiz yig‘imlarni qisqartirish hamda «Bir chegara – bir to‘xtash» tamoyilini joriy etish kabi amaliy yechimlar zarur. Bunday chora-tadbirlarning samaradorligi imzolangan hujjatlar soni bilan emas, balki yuklarni yetkazib berish muddati va xarajatlarining amalda qisqarishi bilan baholanishi lozim.

Shu bilan birga, eksport dinamikasi mamlakat tashqi savdosidagi muhim tarkibiy o‘zgarishlarni namoyon etmoqda. 2026-yilning yanvar–may oylarida oltinni hisobga olmagan holdagi tovarlar eksporti 29,4 foizga oshdi. Bu O‘zbekiston tashqi savdosining xomashyoga bog‘liq bo‘lmagan qismini bosqichma-bosqich kengaytirayotganini hamda sanoat mahsulotlari, to‘qimachilik, agroqayta ishlash, xizmatlar, transport va boshqa yo‘nalishlardagi salohiyatini mustahkamlayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi bosqichda nafaqat eksport hajmlarini oshirish, balki ularning sifatini ham yaxshilash muhimdir. Zamonaviy savdo xalqaro sertifikatlash, mahsulot sifati va barqarorligi, kuchli brendlar, samarali logistika hamda yirik bozorlar talablariga moslashishni talab qiladi. Xalqaro standartlar va milliy islohotlar o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, tashqi bozorlar talablarni belgilaydi, davlat siyosati esa biznesning ularga moslashishiga ko‘maklashadi.

 

 

JST: qoidalar, ishonch va bozorlarga kirish imkoniyati

Bugungi kunda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni yakuniy bosqichga yaqinlashmoqda. Bu endi shunchaki texnik jarayon emas, balki mamlakat iqtisodiy transformatsiyasining muhim tarkibiy qismi, ya’ni yanada ochiq, prognoz qilinadigan va raqobatbardosh iqtisodiy modelga o‘tishning asosiy omillaridan biridir.

2026-yil iyun oyida ushbu masala qo‘shimcha siyosiy va amaliy ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH Savdo vakili Jeymison Grir bilan uchrashuvi chog‘ida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasidagi hamkorlik hamda ushbu jarayonni AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, AQSH tomoni O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishini rasman qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi va bu yo‘nalishda erishilgan sezilarli taraqqiyotni e’tirof etdi.

O‘zbekiston uchun JSTga a’zolik yangi iqtisodiy tamoyillarni mustahkamlashni anglatadi. Bu ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish, tartibga solish tizimining shaffofligini oshirish, biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, eksportyorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xalqaro biznesning O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashni nazarda tutadi.

JST qoidalariga integratsiyalashuv mamlakatning investitsiya, sanoat va savdo siyosati bilan bevosita bog‘liq. Investorlar uchun bu barqaror va prognoz qilinadigan sharoitlarning kafolatidir. Eksportyorlar uchun esa tushunarli va qoidalarga asoslangan xalqaro savdo tizimida faoliyat yuritish imkoniyatidir. Sanoat uchun esa mahsulot sifati, raqobatbardoshlik va zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiqlikni oshirishga kuchli rag‘batdir. Shu bois ushbu jarayon amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida qaralishi lozim.

 

Yangi iqtisodiyot: global tendensiyalar va mamlakat taraqqiyot yo‘li

Jahon iqtisodiyoti chuqur tarkibiy o‘zgarishlar bosqichini boshdan kechirmoqda. Ta’minot zanjirlari qayta shakllanmoqda, kapital va texnologiyalar uchun raqobat kuchaymoqda, energetik barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamli infratuzilma va sanoat salohiyatining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Aynan shu yo‘nalishlar G20 muhokamalarining markazida turibdi.

O‘zbekiston uchun bunday transformatsiya tanlangan taraqqiyot yo‘lining to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Mamlakat yangi iqtisodiyotning asosiy ustunlariga aylanayotgan yo‘nalishlarni izchil rivojlantirmoqda. Jumladan, investitsiyaviy ochiqlikni ta’minlash, sanoatni modernizatsiya qilish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, energetika, raqamlashtirish, eksportni kengaytirish hamda xalqaro savdo qoidalariga integratsiyalashuv shular jumlasidandir.

Dunyoning yetakchi iqtisodiyotlari ta’minot zanjirlarining barqarorligini muhokama qilayotgan bir paytda, O‘zbekiston uchun logistika, sanoat kooperatsiyasi va mintaqaviy ixtisoslashuv yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Energetik transformatsiya qayta tiklanuvchi energiya manbalari, strategik ahamiyatga ega minerallar va energiya tejamkor ishlab chiqarishlarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi masalalari agroqayta ishlash va qo‘shni bozorlar bilan hamkorlikning ahamiyatini kuchaytirmoqda. Raqamlashtirish va moliyaviy barqarorlikka qaratilayotgan e’tibor esa fintex, IT-infratuzilma, sun’iy intellekt va zamonaviy moliyaviy institutlarni rivojlantirishni yanada dolzarb etmoqda.

Shu bilan birga, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish va yangi raqamli standartlarni joriy etish rivojlanayotgan davlatlar uchun adolatli hamda amaliy jihatdan amalga oshirilishi mumkin bo‘lishi lozim. O‘zbekiston uchun yangi talablar shaffof qoidalar, oqilona o‘tish davrlari, ekvivalent standartlarni o‘zaro tan olish, texnologiyalar va moliyalashtirishga kirish imkoniyatlari, shuningdek, eksportyorlarni uglerod hisobi, mahsulotlarni kuzatib borish tizimi va xalqaro sertifikatlashni joriy etishda qo‘llab-quvvatlash bilan birga kechishi muhimdir.

Shunday qilib, G20 doirasida muhokama qilinayotgan ustuvor yo‘nalishlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ko‘p jihatdan hamohangdir. Bu milliy taraqqiyot yo‘li qo‘shimcha tasdiq va amaliy mazmun kasb etayotgan xalqaro kontekstdir.

O‘sishning strategik ustuvor yo‘nalishlari: kapital, texnologiyalar va eksport

Investitsiyalar, sanoat va savdo nuqtayi nazaridan G20 muhokamalari O‘zbekiston uchun bir qator strategik ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi.

Birinchisi — kapital. O‘zbekiston xalqaro biznes nafaqat istiqbolli loyihalarni, balki uzoq muddatli institutsional barqarorlikni ham ko‘radigan investitsiyaviy ekotizimni shakllantirishni davom ettirishi zarur. Bu moliya markazini rivojlantirishni, maxsus huquqiy rejimlarni joriy etishni, sanoat zonalarini kengaytirishni, raqamli xizmatlarni rivojlantirishni, investorlar huquqlarini himoya qilishni hamda investitsiya loyihalarini sifatli qo‘llab-quvvatlashni anglatadi.

Ikkinchisi — sanoat. Mamlakat yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishdagi o‘rnini mustahkamlashi, qayta ishlash sanoatini, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni, muhandislik salohiyatini va texnologik hamkorlikni rivojlantirishi lozim. Bu O‘zbekistonga murakkabroq xalqaro ishlab chiqarish zanjirlarining to‘laqonli ishtirokchisiga aylanish imkonini beradi.

Uchinchisi — savdo va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik. Eksport siyosati sifat, xalqaro standartlar, sertifikatlash, logistika, brending va bozorlarga barqaror kirish imkoniyatlariga asoslanishi kerak. Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakat uchun bu transport yo‘laklarini izchil rivojlantirishni, tranzit jarayonlarini raqamlashtirishni, logistika xarajatlarini kamaytirishni va yetkazib berishning prognoz qilinishini oshirishni ham anglatadi. Xomashyo bo‘lmagan eksportning o‘sishi ushbu yo‘nalishning to‘g‘ri tanlanganini ko‘rsatmoqda, JSTga a’zolik esa bu jarayonga qo‘shimcha barqarorlik baxsh etishi mumkin.

To‘rtinchisi — hamkorlik. O‘zbekistonning asosiy savdo va investitsiyaviy hamkorlarining aksariyati G20 tarkibiga kiradi yoki uning iqtisodiy makoni bilan chambarchas bog‘langan. Shu sababli Xitoy, Rossiya, Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hamda Yaqin Sharq davlatlari bilan hamkorlik kapital, texnologiyalar va bozorlarga integratsiyalashuvning yagona strategiyasining ajralmas qismi sifatida ko‘rilishi lozim.


O‘zbekiston va G20: mushtarak yo‘nalish, amaliy natija

O‘zbekiston uchun G20 mamlakat taraqqiyoti tobora chambarchas bog‘lanib borayotgan global jarayonlarning ifodasidir. «Katta yigirmalik» barqaror iqtisodiy o‘sishni muhokama qilayotgan bir paytda, O‘zbekiston keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmoqda. G20 kun tartibida industrializatsiya ustuvor o‘rin egallayotgan bo‘lsa, mamlakat o‘zining sanoat bazasini mustahkamlash va uni yanada texnologik rivojlantirishni maqsad qilgan. Savdo va investitsiyalar masalalari muhokama qilinayotgan sharoitda esa O‘zbekiston bozorlarini ochmoqda, qoidalarni takomillashtirmoqda va kapitalni jalb etish uchun yangi institutlarni shakllantirmoqda.

Ushbu kun tartibining O‘zbekiston uchun eng muhim jihati strategik ustuvor yo‘nalishlarning uyg‘unligidadir. Bugungi kunda dunyo kapital, texnologiyalar, ishlab chiqarish va savdo qayta taqsimlanayotgan yangi bosqichga kirib bormoqda. Bunday sharoitda O‘zbekiston o‘zgarayotgan global iqtisodiy arxitekturaga nafaqat moslashishni, balki islohotlar, ochiqlik, sanoatni rivojlantirish va uzoq muddatli hamkorlik orqali unda yanada salmoqli va raqobatbardosh o‘rin egallashni maqsad qilgan.

Bu jarayonda Markaziy Osiyo alohida o‘rin tutadi. Mintaqa yirik bozorlarni bog‘lovchi muhim bo‘g‘inga aylanib bormoqda, O‘zbekiston esa transport yo‘laklari, ishlab chiqarish zanjirlari va investitsiya loyihalari amalda ro‘yobga chiqarilayotgan asosiy maydonlardan biri sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

G20 mavzusining O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyati ham aynan shundadir. U jahon iqtisodiyotining rivojlanish yo‘nalishlarini yanada aniqroq anglash, ularni milliy ustuvor vazifalar bilan uyg‘unlashtirish hamda global tendensiyalarni barqaror iqtisodiy o‘sish uchun aniq imkoniyatlarga aylantirish imkonini beradi. O‘zbekiston uchun bu islohotlar, milliy manfaatlar va Markaziy Osiyoning yangi salohiyatiga tayangan holda o‘z taraqqiyot strategiyasini izchil amalga oshirish demakdir.

 

 

Related