Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida “Quva Agrostar” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida mahsulotni yetishtiribgina qolmay, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish hajmlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tashkil etilib, uning taʼsischiligida 21 ta tumanda ixtisoslashtirilgan agrar majmualar ish boshladi.
Sohadagi asosiy muammolardan biri ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi edi. Dehqon mahsulot yetishtirar, ammo uni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish imkoniyati cheklangan edi. Ixtisoslashgan agrokomplekslar esa aynan shu boʻshliqni toʻldirmoqda.
Ulardan biri “Quva Agrostar” korxonasi. Quva tumanida joylashgan majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulotni yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha boʻlgan jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan.
Korxonaning Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalari va Global GAP, ISO 22000, Halal va HACCP kabi xalqaro sertifikatlari mahsulot sifati va milliy brendga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tizimli yondashuv natijasida 2025-yilda ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda 25 million dollarlik mahsulotni tashqi bozorga yetkazish rejalashtirilgan.
Tumandagi 33 ta mahalladan 3 mingta xonadon va 1 mingta dehqon xoʻjaligi bilan kooperatsiya aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million soʻmgacha daromad olish amaliyoti oʻrgatilmoqda.
Shu yerning oʻzida aholiga tomorqadan samarali foydalanishni oʻrgatish va mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Tomorqa shunchaki qoʻshimcha daromad manbai emas, balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yoʻnalishiga aylanishi muhim ekani taʼkidlandi. Aholiga urugʻ tanlash, agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash boʻyicha amaliy koʻnikmalar berish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari “Quva Agrostar” erishgan natijalarni yuqori baholab, yerdan samarali foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, eng muhimi, dehqon va tomorqa egalari daromadini sezilarli darajada oshirish muhim ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda Farg‘ona viloyatida 50 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida ilg‘or agrotexnologiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligi tizimi joriy etilishi belgilandi.

