Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan alohida maktub keldi. Siyosiy va diplomatik olamda katta ahamiyatga ega boʻlgan ushbu nomada AQSH rahbari Davlatimiz rahbarining Vashingtondagi Tinchlik kengashi taʼsis yigʻilishidagi faol va konstruktiv ishtirokini yuksak baholaydi. Maktubda muhtaram Prezidentimizning Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirayotgan yangicha islohotlari va erishilayotgan natijalari alohida eʼtirof etilib, Tinchlik kengashining navbatdagi yigʻilishiga hamda Mayamida oʻtadigan dunyoning eng nufuzli G20 sammitiga taklif etadi.
Soʻngida esa “Yaratgan Sizni va Oʻzbekistonning buyuk xalqini yorlaqasin”, degan yuksak ehtirom bilan yakunlanadi.
Bilasizmi, bu voqelikning geosiyosiy mohiyati nimada?
Bu – dunyoning eng qudratli davlati rahbari Yangi Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi kichik davlat emas, global tinchlik, xavfsizlik va yangi dunyo tartibotini belgilab beruvchi strategik hamkor sifatida tan olayotganining ochiq eʼtirofidir. Oq uy rahbarining eʼtibori va taklifi Prezidentimiz olib borayotgan muvozanatli, maʼrifiy va pragmatik tashqi siyosatning xalqaro maydondagi asl bahosi boʻldi.
Ushbu diplomatik muvafaqqiyat zamirida qanday kuch bor? Nega aynan bugun – kuchlar raqobati avj olgan bir davrda — Vashington Toshkentning munosabatiga va pozitsiyasiga eʼtibor bilan quloq tutmoqda?
Javob esa aniq va haqli – insoniyat jiddiy paradigmatik burilish boʻsagʻasida turibdi. Darhaqiqat, bugun dunyo geosiyosiy arxitekturasi va transformatsiyasining tubdan yangilanish va qayta shakllanish bosqichini boshdan kechirmoqda.
Xalqaro munosabatlarda odatdagi kuch ishlatish, moliyaviy bosim yoki sunʼiy siyosiy ittifoqdoshlik harakatlari oʻz qimmatini yoʻqotmoqda. Insoniyat kutilmagan global inqirozlar va ziddiyatlar girdobida turgan bir paytda, geosiyosat sahnasiga aynan aql-idrok, ilm, ratsional tahlil, maʼrifat, mantiqqa asoslangan yangi tinchlik diplomatiyasi chiqmoqda.
Shu bois, AQSH Prezidenti Donald Trampning mazkur maktubi ham tom maʼnoda oddiy diplomatik odob yoki ramziy protokoldan farqli ravishda Yangi Oʻzbekistonning global siyosiy meʼmorchilikda mustahkam ustunga aylanayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, biz ilm-fan ahli ushbu jarayonga chuqur fundamental nazar tashlashimiz zarur: Nega dunyoning eng qudratli davlati rahbari aynan Oʻzbekiston ovoziga, uning muvozanatli va maʼrifatparvar pozitsiyasiga yuqori eʼtibor qaratmoqda?
Qayd etish joizki, yaqin davr ichida xalqaro hamjamiyat Toshkentning tashqi siyosatini “insonparvarlik va maʼrifatga asoslangan pragmatizm fenomeni” sifatida eʼtirof etmoqda. Demak, endi Oʻzbekiston global ziddiyatli nuqtalarda oddiy kuzatuvchi emas. Toshkent muammolarni aniq, tizimli, aql va ilmga asoslangan yechim orqali hal etishni taklif qiladi. Aynan shu bois Donald Tramp Davosda taʼsis etilgan Tinchlik kengashida va Vashingtondagi sammitda Toshkentning roliga fundamental ahamiyat qaratmoqda. Uning qarashlaridan anglash mumkinki, Oʻzbekiston allaqachon “koʻlankadagi geosiyosiy ishtirokchi” yoki “mitti davlat” maqomidan chiqib boʻlgan. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda barqarorlik va global diplomatiyada mustahkam tinchlik koʻprigi sifatida gavdalanmoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yil fevral oyida Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi tarixiy nutqida: “Biz Yangi Gʻazoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur” – deya aniq va keskin munosabat bildirdi.
Inqirozli hududlarda aynan uy-joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va shifoxonalar qurish haqidagi Oʻzbekiston yetakchisining bu tashabbusi – urush, vayronkorlikni faqat va faqat maʼrifat, taʼlim va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish, ilm-fan diplomatiyasi orqali yengish mumkinligini dunyoga anglatuvchi fundamental konsepsiyadir!
Buning yaqqol dalili sifatida 2022–2026-yillarni qamrab olgan davr taʼlim va ilm-fan sohasida mutlaqo yangi tashabbuslar, yirik investitsiyalar hamda akademik almashinuvlarning jadallashuvi bilan yodda qolmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va AQSHning Toshkentdagi elchixonasi, shuningdek, American Councils kabi xalqaro tashkilotlar maʼlumotlari bu boradagi oʻsish koʻlamini aniq koʻrsatib bermoqda.
Yaqin yillarda AQSH Davlat departamenti koʻmagida amalga oshirilgan “English Speaking Nation” (ESN) dasturi doirasida minglab mahalliy ingliz tili oʻqituvchilari xalqaro standartlar asosida qayta tayyorlandi. Amerikalik mutaxassislar (ETA – English Teaching Assistants) Oʻzbekistonning turli hududlaridagi maktab va universitetlarda bevosita dars berishga jalb etildi.
Shuningdek, AQSH koʻmagida umumtaʼlim maktablarining
1–11-sinflari uchun ingliz tili va informatika (IT) fanlari boʻyicha zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan oʻquv-metodik majmualar yaratildi va amaliyotga joriy etildi.
Oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik nafaqat talabalar almashinuvi, balki institutsional rivojlanish darajasiga chiqdi:
– “Fulbright” va “Flex” dasturlari kengayishi natijasida tadqiqotchilar, magistrlar va maktab oʻquvchilari uchun moʻljallangan akademik almashinuv dasturlari kvotalari sezilarli darajada oshirildi. Oʻzbekistonlik yosh olimlar va oʻqituvchilar AQSHning Berkleydagi Kaliforniya universiteti, Texas universiteti kabi yetakchi universitetlarida tadqiqot olib borish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
– Amerika universitetlari bilan franshiza va hamkorlik rivojlanib, AQSH oliygohlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari (double degree) va akademik hamkorlik tarmogʻi kengaydi. Vebster Universitetining (Webster University) Toshkentdagi filiali oʻz faoliyatini yanada kengaytirib, magistratura va bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashni davom ettirmoqda.
Vazirlik va AQSH oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida IT, muqobil energetika, agrotexnologiyalar va sotsiolingvistika sohalarida qoʻshma ilmiy loyihalar hajmi ortdi. Taʼlim muassasalaridan tashqari, aholining keng qatlami uchun ochiq boʻlgan taʼlim resurslari ham rivojlantirildi: Toshkent, Qarshi, Namangan, Termiz va boshqa shaharlarda zamonaviy kutubxonalar, STEM laboratoriyalari va bepul til oʻrganish markazlaridan iborat tarmoq faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu markazlar yoshlar uchun bepul bilim va axborot almashinuvi maydoniga aylandi. STEM (fan, texnologiya, injiniring va matematika) sohasida xotin-qizlar ishtirokini oshirishga qaratilgan maxsus grantlar va treninglar yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, 13–18-iyul kunlari “Future 100” xalqaro stajirovka doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi xizmat safariga yuborildi.
Dastur doirasida dunyoda yetakchi universitetlar, texnologik kompaniyalar, akseleratorlar hamda boshqa tashkilotlarda stajirovkasi tashkil qilindi. Jumladan:
Massachusets texnologiya instituti (TOP-1), Stenford universiteti (TOP-3), Garvard universiteti (TOP-5), Berkleydagi Kaliforniya universiteti (TOP-17) hamda San-Fransisko davlat universitetlariga tashriflari tashkil qilindi;
Coursera, Google, OpenAI, StartX Accelerator, San-Fransisko meri idorasi hamda BMT faoliyati bilan tanishib, seminarlarda ishtirok etildi;
Soʻnggi yillarda oʻzbek-amerika taʼlim munosabatlarida miqdor va sifat jihatidan tub burilish davri boʻldi. Bu hamkorlik Oʻzbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, global mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va taʼlim tizimini modernizatsiya qilishda muhim drayver vazifasini oʻtamoqda.
Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, kuchli tashqi siyosat faqat kuchli maʼrifat va qudratli iqtisodiy fundamentga tayanadi. Bu borada kecha va bugun Vashington va Toshkent oʻrtasida kechayotgan iqtisodiy, ijtimoiy hamkorlik koʻlamini alohida eʼtirof etish lozim. Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Vashingtondagi biznes-muloqotlar doirasida AQSH Eksimbanki hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) rahbariyati, shuningdek, “BlackRock”, “John Deere”, “Traxys”, “Valmont Industries” kabi dunyoning eng yirik gigant kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar ham tasodif emas.
Sogʻliqni saqlash, muhim minerallarni qayta ishlash, “yashil” energetika, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, data-markazlar hamda Toshkentda yangi xab-aeroport qurish kabi yirik loyihalar – ilm va texnologiyaga tayangan intellektual qudratning amaliy mevasidir.
Bu jarayonda AQSH tomonining Oʻzbekistonga strategik hamkor sifatida qarayotgani manbasi – yurtimizda kechayotgan Oliy taʼlim va ilm-fan islohotlari bilan ham chambarchas bogʻliq. Chunki zamonaviy raqobat doirasida xomashyo emas, intellektual kapital va yuqori texnologiyalar hal qiluvchi oʻringa chiqmoqda. Ilm-fan – chegara bilmas va har qanday vaziyatda mantiqiy murosa yoʻlini koʻrsata oladigan yagona umuminsoniy fenomendir. Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan global tinchlik tashabbuslari negizida quyidagi 3 asosiy maʼrifiy yechim mujassam:
– Nizolarni siyosiy va harbiy bosim bilan emas, jamiyatni ijtimoiy-madaniy qayta tiklash va taʼlim infrastrukturasini yoʻlga qoʻyish orqali hal etish;
– Har qanday tinchlik mexanizmi, jumladan Gʻazoni qayta tiklash kabi mahalliy aholining ichki qoʻllab-quvvatloviga va barqaror iqtisodiy modellarga tayanishi shartligi;
– Yangi Oʻzbekistonning dunyoning eng ogʻriqli nuqtalarida geosiyosiy masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga va yechim berishga tayyorligi.
Aynan shuning uchun ham Amerika, dunyo hamjamiyati Shavkat Mirziyoyev siymosida global barqarorlikning yangi, ishonchli va muvozanatli kafilini koʻrmoqda.
Koʻrish mumkinki, dunyo raqobati shafqatsiz tus olayotgan XXI asrda mamlakatimizning oʻz ovozi, oʻz konseptual modeli va global maydonda oʻz mustahkam oʻrni bor. Oʻylaymizki, Mayamidagi G20 sammiti va Tinchlik kengashining kelgusi yigʻilishlari Oʻzbekistonning global siyosiy kun tartibini shakllantirishdagi faol ishtirokini yanada yuqori bosqichga olib chiqadi.
Biz esa muhtaram Prezidentimiz yetaklayotgan bu sharafli va oqilona diplomatik yoʻlni ilm-fan, innovatsiya va yuqori kadrlar salohiyati bilan qoʻllab-quvvatlashimiz, dunyoga oʻzbek maʼrifat maktabining qudratini namoyon etishimiz zarur.
Demak, Yangi Oʻzbekiston – bu tinchlik, maʼrifat, akademik aql-idrok va global hamkorlikning yangi dunyoviy markazidir! Bu sado xalqaro minbarlarda baralla yangrashda va butun dunyoni ezgulik atrofida birlashtirishda davom etaveradi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
boshqarma boshligʻi, Fazliddin MOʻMINOV