Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi.
Isroil Davlati Prezidenti Isxak Gersog, Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad bin Xalifa Ol Soniy, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Bangladesh, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Vyetnam, Kambodja, Rossiya, Turkiya, Falastin, Xitoy, Shri-Lanka va Hindiston hukumatlari hamda tashqi siyosat idoralari rahbarlari, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (OHIChK) 1992-yilda tashkil etilgan, hozirgi kunda 28 ta aʼzo davlat, kuzatuvchi maqomidagi 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilotni birlashtirgan xalqaro platforma hisoblanadi.
Kun tartibiga muvofiq, xalqaro vaziyat va hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi hamda bir qator tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku sammitidagi nutqida dunyodagi chuqur geosiyosiy oʻzgarishlar yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etayotgani haqida soʻz yuritdi.
– Ayniqsa, Osiyoning turli hududlaridagi qurolli nizolar barchamizni chuqur xavotirga solmoqda. Ularning oqibatlari mojaro hududidan tashqariga chiqib, siz bilan biz yashayotgan mintaqa xavfsizligiga jiddiy putur yetkazmoqda, global iqtisodiyotga zarar keltirib, millionlab insonlarning hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yoʻl bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarurligini taʼkidladi.
Oʻzaro uygʻun va oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan harakatlarga, olingan barcha majburiyatlarni bajarishga asoslangan munosabatlarning barqaror tizimini yaratishda OHIChK alohida oʻrin tutishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda davlatlar oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik va hamkorlikni kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari hamda aniq chora-tadbirlarini belgilash taklif qilindi.
– Transport va energetika boʻyicha qoʻshma loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashuvlar katta ahamiyatga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz soʻzining davomida hozirgi shiddatli texnologik taraqqiyot va iqlim oʻzgarishlari ham yangi vazifalarni kun tartibiga qoʻyayotganini taʼkidladi.
– Sunʼiy intellekt kundalik hayotimizni tez oʻzgartirmoqda. U cheksiz imkoniyatlar yaratish bilan birga jiddiy xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Endilikda biz raqamli taraqqiyot barchaga birdek foyda keltirishi, texnologik rivojlanishdagi farq qisqarishi uchun bor imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarur, — dedi davlatimiz rahbari.
Shu maqsadda Texnologik ishonch va sunʼiy intellektdan masʼuliyat bilan foydalanish boʻyicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi. Uni amalga oshirish doirasida OHIChK huzurida ekspertlar maydonini tashkil etish taklifi ham bildirildi. Unda mutaxassislar umumiy tavsiyalarni ishlab chiqish va amaliy choralarni kelishib olish imkoniga ega boʻladilar.
Shu bilan birga, OHIChKga aʼzo davlatlarning iqlim oʻzgarishlariga moslashish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish maqsadida Iqlim barqarorligi boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Oʻzbekiston OHIChKning Inson mezoni boʻyicha koordinatori ekanini inobatga olib, kelgusi yili mamlakatimiz Inson salohiyatini rivojlantirish boʻyicha forumni oʻtkazishga tayyorligi, bu borada Kengashning 2028-yilga qadar boʻlgan davrga moʻljallangan Harakatlar dasturini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Qoʻshilmaslik harakatiga raislikni qabul qilishi munosabati bilan davlatimiz rahbari barchani tashkilotning kelgusi yili Toshkent shahrida oʻtkaziladigan yigirmanchi sammitiga taklif qildi.
Mamlakatimiz yetakchisi soʻzining yakunida OHIChKning tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni hamda Kengashning bosh kotibi lavozimiga Ozarbayjon tomonidan ilgari surilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlashini bildirib, Ozarbayjonning Kengashga raislikni 2028-yilgacha davom ettirish niyatini olqishladi.
Sammitda davlatlar yetakchilari, mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ham soʻzga chiqdi.
